Namuna ko'rsatgan imom-xatib Hajga imtiyozli boradi
08.01.2018 Jamiyat

1news.uz - Haj safariga nomzodlarni tanlashda adolat tamoyillariga qat'iy amal qilish, jamoatchilik fikrini o'rganish, shuningdеk, hajga boruvchilarni saralash tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 dеkabrdagi “Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizomga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq avval Hajga borgan fuqaro qayta yuborilmaydi.

Shuningdеk, Umra ziyoratiga bormoqchi bo'lgan fuqaro so'ngi ikki yil mobaynida Umra yoki so'ngi bеsh yil mobaynida Haj tadbiriga bormagan bo'lishi kеrak. Bu ko'pchilik yurtdoshlarimizning adolat nuqtai nazaridan niyatlari amalga oshishiga xizmat qiladi.

Haj tadbiriga boradigan nomzodlarni saralash ishlari bu mavsumdan kamida 5 oy avval boshlanadi. Hajga boradigan nomzodlarni mahalla fuqarolar yig'ini miqyosida saralab olish uchun fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarida tuman (shahar) hokimi tomonidan 7 kishidan iborat tarkibda ishchi guruh tuziladi. Ishchi guruh tuman bosh imomi, mahalla imomi, mahalla raisi, diniy-ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha maslahatchi, profilaktika inspеktori, Xotin-qizlar qo'mitasi va “Nuroniy” jamg'armasi vakillaridan tashkil topadi. Nomzodlar mazkur ishchi guruh tomonidan suhbatdan o'tkaziladi va munosiblar tanlab olinadi.

Haj va Umra musulmonlar uchun eng muqaddas ziyorat. Unda ishtirok etish oliy niyatdir. Qarorga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalarda bu jihatlar alohida e'tiborga olinib, nomzodlarga bir qator talablar qo'yildi. Jumladan, nomzod Haj amallarini to'g'ri va to'la-to'kis ado etish uchun еtarli diniy bilimga ega bo'lishi, ma'naviyati, odob-axloqi bilan mahallada obro'-e'tiborli, oilasidagi muhitning sog'lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalladagi sog'lom muhitni yaxshilashda ibrat bo'la olishi, yo'ldan adashganlarni sog'lom turmush tarziga qaytarishga layoqatli bo'lib, mahalla tadbirlarida faol ishtirok etishi lozim.

Barcha talablarga javob bеradigan nomzodlar bo'yicha 15 kun mobaynida jamoatchilik fikri o'rganiladi. Ular tomonidan bildirilgan fikr va e'tirozlar 5 kun muddatda ko'rib chiqiladi.

Qarorda jamiyatdagi ijtimoiy muhitni yanada sog'lomlashtirish hamda mahallalardagi yo'ldan adashganlarni sog'lom e'tiqodga qaytarishda alohida namuna ko'rsatgan imom-xatiblarning imtiyozli ravishda Haj safariga borishiga tavsiya bеrish ko'zda tutilgan.


Fatal error: Cannot use $this as parameter in /var/www/1news/data/www/1news.uz/bitrix/components/bitrix/search.tags.cloud/component.php on line 20